ToshVMOI da 2018 yilning eng yaxshi hamshiralari ko’rink tanlovi bo’lib o’tdi

     2018 yilning eng yaxshi hamshiralari aniqlandi

      Poytaxtda “Hamshira-2018” respublika ko’rik-tanlovining final bosqichi bo’lib o’tdi. Tadbir O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi, Sog’liqni saqlash xodimlari Kasaba uyushmasi respublika kengashi va O’zbekiston Hamshiralar assotsiatsiyasi hamkorlikda tashkil etildi. Tanlovning final bosqichida Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyat bosqichlarida g’olib bo’lgan 14 nafar hamshira qizlar o’zaro bellashdi. Bu haqda Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

          Bugungi kunda mamlakatda sog’liqni saqlash tizimida uch yuz ming nafardan ko’proq o’rta tibbiyot xodimlari xalqimizga tibbiy xizmat ko’rsatmoqda. Ularning faoliyatini har tomonlama qo’llab-quvvatlash, o’rta tibbiy xodimlarni tayyorlash, malakasini oshirish, hamshiralar zamon talabiga mos faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit yaratish doimiy e`tiborda. Buning uchun, eng avvalo, tibbiyot kollejlarida yoshlarga xalqaro andozalar darajasida ta`lim berish, jahon tibbiyotini ilg’or yutuqlarni chuqur o’rgatishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

        Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib oliy ma`lumotli hamshiralar tayyorlash tizimi yo’lga qo’yilgani aholiga hamshiralik yordamini sifatli ko’rsatish, bu yo’nalishda jahon tibbiyotining eng ilg’or uslublarini amaliyotga joriy etishda muhim omil bo’lmoqda. Bugungi kungacha Toshkent Tibbiyot Akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo’limlarida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment yo’nalishlari bo’yicha to’rt yarim ming nafar oliy ma`lumotli bakalavr hamshiralar tayyorlandi, yuz nafarga yaqin hamshiralar magistr darajasiga ega. Ular davolash-profilaktika muassasalarida bosh, katta va yetakchi hamshira hamda tibbiyot instituti va kollejlarida o’qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

       O’zbekistondagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida umumiy amaliyot vrachlari, tor soha mutaxassislari bilan bir qatorda yuz ming nafardan ko’proq patronaj hamshiralar xalqimizga tibbiy yordam ko’rsatmoqda. Ularga o’z zimmalariga yuklangan vazifalarni samarali ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

           Tibbiy patronaj xizmatining maqomi, maqsadi va vazifasi aniq belgilandi. 2017 yil 13 sentabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o’tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun mas`uliyatni oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori qabul qilinishi soha rivoji uchun yana bir imkoniyat bo’ldi. Ushbu qarorga muvofiq, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimida ishlayotgan vrachlar qatorida aholining patronaj bilan to’liq qamrab olish, onalar, bolalar o’limi, nogironlikning oldini olish, kasallikka chalinish ko’rsatkichlarini pasaytirishga erishayotgan patronaj hamshiralar ham moddiy rag’batlantiriladigan bo’ldi.

Hamshiralik ishi keng qamrovli jarayon bo’lib, tibbiyotning biror yo’nalishini bu mutaxassis faoliyatisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy xizmat, reanimatsiya, operatsiya bloklarida malakali hamshiraning bilim, mahorati, tajribasi, o’z kasbiga sadoqati bemorni sog’lom hayotga qaytarishda muhim omil bo’ladi. Ana shunday sharafli va mas`uliyatli kasb sohibalarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash yo’lida Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan hamshiralik ishiga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish bo’yicha doimiy seminar-treninglar, mahorat darslari tashkil etilayotir. Sohada orttirilgan ilg’or tajribalarni ommalashtirish maqsadida maxsus ko’rik-tanlovlar, davra suhbatlari, muloqotlar yo’lga qo’yilgan.

       “Hamshira-2018” tanlovi ham shunday muhim loyihalardan biridir. O’tgan yillardan farqli ravishda bu yil tanlovni o’tkazish tartibi, baholash mezonlari yanada takomillashdi. Tanlovda asosiy e`tibor hamshiralarning bilimi, intellektual va kasbiy salohiyatiga qaratiladigan bo’ldi. Shuningdek, ishtirokchilarning tibbiyot bilan birga mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar, sog’liqni saqlash tizimidagi islohotlarga daxldorlik tuyg’usi, faol fuqarolik pozitsiyasi baholashning muhim mezonlaridan etib belgilandi.

      Tanlovda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat filiali Markaziy qabulxona bo’limi hamshirasi  Dilnoza Xoliqova birinchi o’rin sovrindori bo’ldi. U tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi. Zomin tuman tibbiyot birlashmasi Yuqumli kasalliklar bo’limi hamshirasi Holida Yusupova ikkinchi, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg’ona viloyat filiali Qabul diagnostika bo’limi hamshirasi Marhabo Abdukarimova uchinchi o’ringa sazovor bo’ldi. Ularga ham tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovg’alar taqdim etildi.

Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

        An`anaga muvofiq, bu yil ham “Hamshira-2018” tanlovida birinchi, ikkinchi, uchinchi o’rinni qo’lga kiritgan g’oliblar tibbiyot oliy o’quv yurtlariga imtiyozli asosda o’qishga qabul qilinadi.

Manba: kun.uz