Toshkentda “Donor bo‘l – inson hayotini saqlab qol!” xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tadi

Toshkent shahridagi Next oilaviy majmuasida respublika qon quyish markazi bilan hamkorlikda Qon donorlari kuniga bag‘ishlangan xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda aksiya tashkilotchilari “Daryo”ga ma’lum qildi.

Majmua hududida sayyor mutaxassislar guruhi faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus joy bilan ta’minlanadi.

Aksiya 21-iyundan boshlanib 23-iyungacha davom etadi. Qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lmagan barcha xohlovchilar donor bo‘lishi mumkin. Qon topshirish jarayoni mutlaqo xavfsiz va ko‘p vaqt talab etmaydi (20—30 daqiqa).

Donor qoni har kuni:

• jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlar;

• YTHda, yong‘in va boshqa favqulodda holatlarda jabr ko‘rganlar;

• og‘ir kechgan tug‘ish jarayonida ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar;

• onkologik xastalar;

• leykoz, gemofiliya va boshqa qon kasalliklari bilan og‘riganlar;

• boshqa toifadagi og‘ir kasallarga juda ham zarurdir.

Bugungi kunda bemorning hayotiga jiddiy xavf tug‘ilganida qon va uning komponentlari quyiladi. Demakki, har gal donor qon berganida, u kimningdir hayotini asrab qolishda ishtirok etadi.