Yurak kasalliklari: tajriba, amaliyot va istiqbol

Yurak kasalliklari: tajriba, amaliyot va istiqbol

      Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filialida nafaqat Namangan viloyati, balki Farg‘ona vodiysi aholisi uchun yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

        Prezidentimiz 2017 yil 7-8 iyul kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida 2017-2018 yillarda viloyat kardiologiya markazi negizida 100 qatnov va 170 shifo o‘rniga mo‘ljallangan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filialini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi. Shunga muvofiq, muassasada umumiy qiymati 2 milliard 600 million so‘m va 1 million dollardan ziyod rekonstruktsiya va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan taʻminlash loyihasi amalga oshirildi.

– Moddiy-texnik baza, ilg‘or texnika va texnologiyalarni ishlatish uchun mutaxassis ham malakali bo‘lishi darkor, – deydi filial bosh shifokori Z.Jo‘raboev. – Shu nuqtai nazardan, bizda shifokor-mutaxassislar malakasini oshirish, qayta tayyorlash masalasiga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Bu borada poytaxtdagi nufuzli klinikalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy o‘quv yurtlari, bir qator xorijiy ilmiy-tibbiy muassasalari bilan o‘zaro tajriba almashuv, malaka oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolangan. O‘tgan davrda markazning bir guruh shifokor-jarrohlari Qozog‘iston, Xitoy, Ukraina, Hindiston, Rossiya davlatlarining yetakchi ilmiy-amaliy tibbiyot muassasalarida malaka oshirib qaytdi. Bundan tashqari, markaz mutaxassislari Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida malakali mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashib kelmoqda. Ayni paytda bu yerda fan doktori va fan nomzodlari, oliy toifali shifokorlar bemorlarni davolash barobarida yosh mutaxassislarga o‘z tajriba va mahoratini o‘rgatmoqda.

Заболевания сердца: опыт, практика и перспекти

      Mamlakatimizdagi nufuzli tibbiyot markazlari mutaxassislari tomonidan shifoxonada o‘tkazilayotgan jarrohlik amaliyotlari xodimlar, jumladan, filial jarrohlari uchun o‘ziga xos mahorat darsi vazifasini ham o‘tamoqda.

      Shunday mahorat darslari sifatida tashkil qilingan jarrohlik amaliyoti bilan shifo topganlardan biri andijonlik 64 yoshli bemor edi. Og‘ir holatda keltirilgan bemorga xatari juda yuqori arterial gipertenziya, korinchalar ekstrasistoliyasi tashxisi qo‘yildi. Asorati esa surunkali yurak yetishmovchiligi edi. Bemorning yurak o‘ynashidan bezovtaligi yuqori maromga borib yetgani uchun fursatni boy bermay, jarohatsiz jarrohlik amaliyoti o‘tkazish maqsadga muvofiq, deb topildi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozir bemor o‘zini yaxshi his qilmoqda. Yurak o‘ynashi to‘xtagan.

         Muassasadagi yana bir anʻana bu – xorijlik soha mutaxassislari bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishdir. Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk kardiomarkazi kardioxirurgiya bo‘limi mudiri, Novosibirsk viloyat bosh kardioxirurgi I.Balobanov filial shifokorlari bilan birga murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazgani fikrimiz tasdig‘idir. Bunday jarrohlik amaliyoti avvallari faqat poytaxtdagi markazlarda amalga oshirilgan.

      Yurak-ishemik xastaligiga chalingan yangiqo‘rg‘onlik ayolning ko‘krak qafasi ochilib, qon tiqilib, yaroqsizga aylangan tomirning keraksiz qismi kesib tashlandi. O‘zining qo‘lidagi sog‘lom tomirdan 5-6 santimetr olinib, yurak tomiriga ikki tomonlama ulandi. Shikastlangan yurak klapanidan voz kechilib, o‘rniga sunʻiysi o‘rnatildi. Bemor yuragi ustida bir necha soat chekilgan mashaqqatlar zoe ketmadi. Bugun bu ayol o‘zini sog‘lom his qilmoqda, shifokorlardan minnatdor.

Akromjon Sattorov, O‘zA