Jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan ilk bemor uyiga qaytdi

     Mamlakat tibbiyoti tarixida ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemor parkentlik 26 yoshli Ubaydulla Dadaxo‘jaev bugun shifo topib uyiga qaytdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

      Mutaxassislar taʻkidlashicha, jigarning terminalbosqichdagi surunkali diffuz kasalliklari, o‘tkir jigar yetishmovchiligi, rezektsiya qilinmaydigan manbali jigar kasalliklari kabi holatlarda faqatgina shu aʻzo transplantatsiyasi bemor hayotini saqlab qolishi mumkin. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar Amerika, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveytsariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun O‘zbekiston ham ushbu mamlakatlar qatoridan joy olgani quvonarlidir.

— Transplantologiya amaliyotini bajarishga tibbiyot muassasamizda katta tayyorgarlik ko‘rildi, — deydi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining portal gipertenziya va pankreatoduodenal soha xirurgiyasi bo‘limi bosh ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Andrey Devyatov. — Markazimizning texnik imkoniyatlari yaxshilandi, mutaxassislarimiz AQSh, Frantsiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveytsariya va Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Bemorga uning akasi 30 yoshli Hayot Dadaxo‘jaev donorlik qildi. Va nihoyat 15 soat davom etgan operatsiyani muvaffaqiyatli yakunlashga erishdik. Hozir bemorning ham donorning ham ahvoli yaxshi. Bemor tavsiyalarimizga to‘la amal qilsa, u tezda butunlay sog‘ayib ketadi.

Ha, davlat tomonidan tibbiyot rivojiga qaratilayotgan jiddiy eʻtibor va shifokorlarning saʻy-harakatlari bilan 26 yoshli bir navqiron yigit jigar tsirrozi deb atalmish og‘ir xastalikdan butkul xalos bo‘lib, sog‘lom hayotga qaytdi. Bu nafaqat bemorga, uning yaqinlariga ham ulkan quvonch baxsh etdi.