Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida Xirurgiya fakulteti uchun 12 APREL 2018 yilda Maʻnaviyat va maʻrifat kun bo‘lib o‘tdi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida Xirurgiya fakulteti  uchun  12 APREL 2018 yilda Maʻnaviyat va maʻrifat kun bo‘lib o‘tdi

      Bugun  Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining anjumanlar saroyida    Xirurgiya  fakulteti uchun  Maʻnaviyat va maʻrifat kuni o‘tkazildi.

       Hozirgi kunda institutimizda beshta fakultet faoliyat olib boradi. Tinglovchi shifokorlar va xodimlar uchun  har oyda maʻnaviy-maʻrifiy tadbirlarni o‘tkazib borish anʻanaga aylangan. Ushbu tadbirlarda bosh shifokorlar, zaxiradagi raxbar kadrlar hamda oliy maʻlumotli hamshiralar guruxi xam muntazam ishtirok etib keladi.

     O‘zbekistonda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat boshqaruvi organlarining quyi bo‘g‘inlari faoliyatini tubdan yaxshilash, ularning xalq bilan muloqot qilishini taʻminlash, bu borada samarali ijtimoiy hamkorlik mexanizmini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 28 iyuldagi “Maʻnaviy-maʻrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160 Qaroriga asosan Respublika Maʻnaviyat va maʻrifat markazi qayta tashkil etildi. Prezidentning mazkur Qarori maʻnaviy-maʻrifiy targ‘ibot ishlarining mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ularning ko‘lami va miqyosini kengaytirishga qaratilgan.

     2017 yilning 30 iyun kuni Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yangi tashkilot yoshlarning chinakam tayanchi va suyanchi bo‘lgan, har qanday rasmiyatchilikdan xoli, ayniqsa, yoshlar manfaatini himoya qiladigan tashkilotga aylandi.  ToshVMOI da ham  O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Boshlang‘ich Tashkiloti samarali faoliyat olib bormoqda.

      O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash Vazirligining 2016 yil, 20 yanvarda №34 sonli buyrug‘i joriy etilganidan deyarli barchamiz xabardormiz, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida mazkur buyruqning ijrosiga barcha professor-o‘qituvchilar, klinik ordinatorlar va tinglovchi shifokorlar rioya qilishlari shart  qilib belgilangan. Ushbu buyruqqa asosan, dunyo miqyosida qabul qilingan xizmat protokoli qoidalariga muvofiq jiddiy, ishchan va didli, ziyoli shaxs qiyofasini shakllantirish maqsadida korporativ kiyinish uslubi talablariga amal qilinadi. Muassasada rahbar xodimlar, pedagog, shifokor (yoki bo‘lajak pedagog, shifokor) kasbiga mos holda kiyinishlari talab etiladi. Tibbiyot xodimi o‘zini tutish sanʻati, hamda muloqot madaniyati va kasbdoshlar o‘rtasida va bemorlar bilan muloqotda hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlari lozim.

          Kun tartibidan o‘rin olgan birinchi maʻruza Respublikamiz shifokorlarining xuquqiy va  siyosiy bilimlarini shakllantirishga qaratilgan. Davlatimizda olib borilayotgan islohotlar, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi hamda sog‘liqni saqlash tizimiga oid Farmonlar va Qarorlarning mazmun mohiyati, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram yig‘ilishida Muhtaram Yurtboshimiz qilgan maʻruzasi va 2017 yil 22 dekabrdagi Prezident Murajaatnomasi haqidagi maʻruzalarini mujassamlashtirgan holda tayyorlangan keng qamrovli maʻruzani:

       O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Mehnat shuhrati va Do‘stlik ordenlari sohibi, Institutimizning faxriy professori, Iqtisod fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Akademigi Saydaxror Saydaxmedovich G‘ulomov tinglovchilar eʻtiboriga havola etdilar.

        Aholi orasida sog‘lom hayot tarzini shakllantirish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.  Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, tibbiy patronaj xizmati sifatini takmollashtirish kunning dolzarb masalasiga aylangan. Aynan ushbu ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2017 yil 13 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi SSVning №691 sonli Buyrug‘i joriy etilgan.  Kun tartibidan o‘rin olgan ikkinchi masala “Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning zamonaviy valeologik tamoyillari” haqidagi maʻruzani ToshVMOI Valeologiya kafedrasi mudiri, professor Shuxrat Boisovich Irgashev o‘qib eshittirdilar.

       Shuningdek Nobel Farm Sanoat mahalliy korxonasi reklama bo‘limi boshlig‘i Choriev Otabek Normo‘minovich xozirgi kunda Nobel farm sanoat korxonasi tomonidan chiqarilayotgan sifatli dori-darmon mahsulotlari , ularning qo‘llanilish usullari va tarkiblari haqida maʻlumot berdilar.

       Aholi salomatligini saqlashda xavfli  omillarni oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Aholi orasida sog‘lom hayot tarzini shakllantirishning valeologik tamoyillariga hamda hozirgi kunda  global muammoga aylangan tamaki chekish muammosini oldini olishga bag‘ishlangan  maʻruzani  Valeologiya kafedrasi dotsenti, ToshVMOI Maʻnaviyat targ‘ibot markazi rahbari Mamatova Nodira Muxtarovna tinglovchilar eʻtiboriga havola etdi.

      Tanaffus davomida shifokorlar institut  foeyisida tashkil etilgan “Salomat bo‘ling” jurnali va  Kitobxonlar uchun yarmarkada turli xil  adabiyotlardan bahramand bo‘ldilar.

      Uchrashuvning maʻnaviy qismida , O‘zbekiston Davlat Satira teatri jamosi  so‘z ustalari, xalqimiz sevgan sanʻatkorlar  “Shur danak” gurixi aʻzolari Erkin Jo‘lliev hamda Doniyor Xasanovlar o‘zlarining chiqishlari bilan barchani xushnud etdilar.

       Tadbir so‘ngida, ToshVMOIning “Maʻnaviyat targ‘ibot” Markazi rahbari dotsent Mamatova Nodira Muxtarovna so‘zga chiqdi, sanʻatkorlarga institut rektorati va jamoasi nomidan chuqur minnatdorchilik bildirib,   tadbirni yakunladi. Tinglovchi shifokorlar tomonidan sanʻatkorlarga gullar taqdim etildi. Xirurgiya fakulteti uchun o‘tkazilgan mazkur maʻnaviy maʻrifiy uchrashuv respublika shifokrlari  va institut jamoasida katta taʻssurot qoldirdi.