Телефон доверия:
+998 71 268-17-44
Тиббиёт
04.10.2021    11:52 215 Чоп этиш

Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirining

2021 yil 26 maydagi 114-son buyrugʼi ijrosi boʼyicha

 

     Jahonda sogʼliqni saqlash tizimini moliyalashtirish amaliyotini takomillashtirish, tibbiyot sohasi faoliyati samaradorligini oshirish mamlakatlarning murakkab ijtimoiy-iqtisodiy tizimi salohiyatini yuqori darajaga koʼtarishning zaruriy shartlaridan biri hisoblanadi. Ushbu jarayonni tashkil etishda mamlakatlarning rivojlanish darajasiga qarab aholi sogʼligʼini saqlash masalalariga yondoshuv va moliyalashtirish tartiblari hamda uning natijalarini hisobga olish bir-biridan farq qiladi. Bu esa, avvalo, tibbiyot sohasini davlat tomonidan moliyaviy qoʼllab-quvvatlash bilan izohlanib, doimiy ravishda tibbiyot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish amaliyotini takomillashtirishning zaruriy shartlaridan biri ekanligidan dalolat beradi.     

     Shu bois, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi «Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi PF-5590-son Farmoni hamda 2020 yil 12 noyabrdagi «Sogʼliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʼurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-4890-son Qarori asosida sogʼliqni saqlash sohasidagi eskirgan smetali moliyalashtirish tizimi oʼrniga, zamonaviy xalqaro amaliyotga mos keladigan, aniq mexanizmlariga asoslangan, moliya resurslarining samarali ishlatilishiga va sohada ustivor yoʼnalishlarni koʼzlaydigan moliyalashtirishning yangi tizimini yaratish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

       Mazkur masalalarni joylarda munosib holda bajarish, sohaga davlat byudjetidan ajratilgan hamda pullik tibbiy xizmatlardan topilgan mablagʼlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish, maqsadli hisob-kitob tizimini tashkil etish va ularni uzluksiz yuritish, davlat byudjetidan ajratilgan mablalarni bemorlar qatnovi yoki davolangan oʼrinlar hisobiga koʼra taqsimlash orqali moliyalashtirish samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

      Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda tizim muassasalari rahbarlari bilan birgalikda buxgalteriya hisobi xodimlari hamda iqtisodchilar zimmasiga ham ulkan vazifalarni yuklab, sohaga oid islohotlarni amalda qoʼllashda ularning ham kasbiy malaka va koʼnikmalarini oshirish dolzarb hisoblanadi.

      Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirining 2021 yil 26 maydagiDavolash-profilaktika muassasalarining rahbarlari va buxgalteriya xizmati rahbar xodimlarini malakasini oshirish boʼyicha maxsus oʼquv kursini tashkil etish toʼgʼrisidagi 114-son buyrugʼi aynan yuqorida keltirilgan maqsadlarni koʼzlagan, tizimda moliyaviy sohaga daxldor boʼlgan xodimlar malakasini, tajribasini oshirishga xizmat qilib, 2021-2022 yillar davomida tizim muassasalarida xizmat qilayotgan 1350 nafar rahbar va buxgalteriya xizmati rahbar xodimlarini malakasini oshirish belgilangan.