Tibbiyot xodimlаrining kаsbiy mаlаkаsini rivojlаntirish mаrkаzi
Mа'nаviyat vа mа'rifаt boʼlimi
Toshkent sh. 28.03.2026
2026-yil 28-mart kuni Atom texnologiyalari axborot markazida mas'ul vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasida yadro tibbiyotini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh radiologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Damir Arifovich Zaredinov asosiy ma’ruza bilan so‘zga chiqdi.
U o‘z nutqida yadro tibbiyotining zamonaviy imkoniyatlari, jumladan, radionuklid diagnostika va davolash usullari, pozitron-emission tomografiya (PET/KT), radiofarmatsevtik preparatlarni qo‘llash, shuningdek, siklotron, gamma-pichoq va kiber-pichoq kabi yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanish haqida batafsil so‘z yuritdi. Onkologik va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni erta aniqlash hamda samarali davolash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzachi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning faol qo‘llab-quvvatlashi tufayli mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimiga ilg‘or yadro texnologiyalarini joriy etish uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi. Muhim tashabbuslar qatorida rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda Toshkent shahrida zamonaviy Yadro tibbiyoti markazini barpo etish loyihasi yo‘lga qo‘yilgani ham bor e'tiborga molik.
2026-yilda markazni yuqori texnologik uskunalar, xususan, PET/KT, siklotron, radiofarmakologiya laboratoriyasi hamda “Gamma-pichoq” va “Kiber-pichoq” qurilmalari bilan jihozlash rejalashtirilgan. Bu aholining aniq diagnostika va innovatsion davolash usullaridan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Ma’ruzadan so‘ng qizg‘in bahs-munozara bo‘lib o‘tdi. Unda olimlar, radiatsiyaviy texnologiyalar ishlab chiquvchilari, sanoat va tibbiyot vakillari O‘zbekistonda yadro tibbiyotini yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar, savollar berdilar va takliflar bildirdilar. Ishtirokchilar kadrlar tayyorlash, radiatsion xavfsizlikni ta’minlash va yadro texnologiyalarini amaliy sog‘liqni saqlashga jadal tatbiq etishda xalqaro hamkorlik, jumladan, XAEA hamda yetakchi xorijiy markazlar bilan aloqalarning muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Seminar konstruktiv va ishchan ruhda o‘tib, respublika aholisi salomatligi manfaatlari yo‘lida yadro texnologiyalarini amaliy sog‘liqni saqlashga jadal joriy etish borasida samarali tajriba almashishga va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qildi.
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i: M.B.Mustafoyeva