Professor Akram Fozilov 1938 yilda tug‘ilgan. Umumiy mehnat staji 56 yilni tashkil etib, shu yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot fanida ultratovush diagnostikasining ilmiy va amaliy rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan olim, zakovatli mohir pedagog, murabbiy, o‘quv va ilmiy tadqiqotlar jarayonining tashkilotchisidir.
A.Fozilov 1961-1987 yillarda O‘zbekiston onkologiya va radiologiya ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodimlikdan mehnat faoliyatini boshlab, sobiq Ittifokdagi yetakchi bo‘lgan ultratovush laboratoriyasiga rahbarlik qilish darajasiga erishgan.
1967 yil mart oyida SSSR tibbiyot fanlari Akademiyasining eksperimental va klinik onkologiya institutida «Sut bezi kasalliklari ultratovush diagnostikasi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini ximoya qilgan.
1975-1982 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligining Ilmiy kengashida bosh mutahassis lavozimida, Ilmiy kengash raisi muovini vazifasida o‘rindoshlik asosida ishlagan va O‘zbekiston olimlarining ilmiy ishlarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etishga katta hissa qo‘shgan.
1981 yil may oyida SSSR tibbiyot fanlari Akademiyasining Butunittifok onkologiya ilmiy markazida «Onkologiyada ultratovush diagnostikasi» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini ximoya qilgan. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 1983 yil aprel oyida A.A.Fozilovga «Onkologiya» soxasi professori unvoni berilgan.
A.A.Fozilov o‘zining keng qamrovli bilimi, iqtidori va tashkilotchilik qobiliyati bilan tibbiyot fani va amaliyotida yangi yo‘nalish bo‘lgan O‘zbekiston ultratovush diagnostikasi ilmiy maktabini yaratdi. Uning onkologiya faniga qo‘shgan hissasi ham beqiyosdir.
A.A.Fozilovning fundamental ilmiy izlanishlarining klinik tamoyillari kichik intensivlikdagi ultratovushning biologik taʻsirini va biologik obʻektlarning akustik tasniflarini o‘rganishga qaratilgan. Bu izlanishlar tibbiyot amaliyotiga ultratovush diagnostikasining yangi usul va uslublarini – kontrast, funktsional va narkozli exografiya, shuningdek bu usullarni boshqa usullar bilan birgalikda ishlatish texnologiyalarini yaratish va amaliyotga tadbiq etishga asos bo‘ldi. A.A.Fozilovning bu izlanishlari tibbiyotda ultratovush diagnostikasining rivojlanishiga, hamda printsipial yangilikka ega bo‘lgan ko‘p funktsiyali yumshoq exo-zondlar, kogerent va akustik golografiya usullari, kompyuterli ultratovush tomografiyasi, ultratovush diagnostikasi mutaxassisining avtomatlashtirilgan ishchi o‘rinlarini yaratishga va tadbiq etishga asos bo‘ldi. Bu ishlardan 14 tasi patentlar bilan ximoya qilingan, shu jumladan yaratilgan ultratovushli akustik qurilmaga Yevropa sertifikati berilgan.
Turli kasalliklarni exografik xususiyatlarini o‘rganish natijasida patologik jarayonning maxalliy, regional va umumiy tarqalishi, asosiy kasallikni va uning asoratlarini aniqlash sistemasi asoslab berildi. A.A.Fozilov tomonidan birinchi bo‘lib o‘sma kasalliklarni davolash samarasini baholavchi exografik belgilari aniqlangan. Bunda o‘smaning nur yoki dori bilan davolash patomorfozi bosqichlari yoritilgan. Aholiga ultratovush diagnostik yordam ko‘rsatish kontseptsiyasi yaratilgan.
Professor A.A.Fozilovning jonkuyarligi va so‘nmas quvvati, zamonaviy ilmiy kashfiyotlar va maʻlumotlarni bilishi, alohida ilmiy istikbollarni xis etishi uning yangi avlod shogirdlari tomonidan ilmiy izlanishlarni davom ettirishiga yordam bermoqda. A.Fozilov rahbarligida 3500 dan ortiq ultratovush diagnostikasi mutaxassislari tayyorlangan yoki malaka oshirgan. Xozirgacha 450 ga yakin ilmiy ishlar chop etilgan, jumladan 17 ta monografiya va qo‘llanmalar, ultratovush diagnostika, onkologiya va kadrlar tayyorlash muammolari bo‘yicha 49 ta meʻyoriy-uslubiy qo‘llanmalar matbuotda nashr etilgan. Professor A.Fozilov shogirdlaridan 11 nafari fan doktori, 42 nafari esa – fan nomzodi xisoblanadilar. Professor S.A.Balter takidlaganidek, hamdo‘stlik davlatlarida ultratovush diagnostikasi bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishlarining har uchinchisi – O‘zbekistondandir.
A.A.Fozilov 1987 yildan xozirgi kungacha Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida faol mehnat qilib kelmoqda. Uning 56 yillik mehnat va ijtimoiy faoliyatining 30 yili Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutidagi faol xayotiy bosqichiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston vrachlarini diplomdan keyingi tayyorlash va malakasini uzluksiz oshirishga xizmat qiluvchi ushbu dargohda olimning ilmiy, pedagogik va tashkilotchilik qobiliyatining yangi qirralari ochildi.
A.A Fozilov 1987-1998 yillar davomida institutning dastlab ilmiy ishlari, keyingi 6 yil davomida o‘quv ishlari prorektori lavozimida sidqidillik bilan mehnat qilib, Respublikamizda ilmiy va pedagogik kadrlar, hamda vrachlarni diplomdan keyin tayorlash ishiga ulkan xissa qo‘shib kelayotgan olimdir. Bu davrda institut kafedralarining faoliyati zamonaviy tibbiyot texnologiyalaridan foydalanish asosida, yuqori darajada tashkillashtirildi. Fundamental va amaliy tadqiqotlar Respublikamizning va hamdo‘stlik davlatlarining ilmiy tekshirish institutlari, hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borildi.
1987-1998 yillar davomida onkologiya va ultratovush diagnostikasi kafedrasi mudiri lavozimida, 1998-2004 yillar davomida ushbu kafedra professori sifatida, 2005-2009 yillar davomida yangi tashkil etilgan ultratovush diagnostikasi kafedrasi mudiri, 2009-2016 yillarda – kafedra professori, 2017 yildan kafedra mudiri lavozimida mehnat qilib kelmoqda.
A.A.Fozilov rahbarligida kafedra ultratovush diagnostikasi bo‘yicha yirik ilmiy, o‘quv va amaliy markazga aylandi. Kafedra bir qancha ko‘p tarmoqli shifoxonalarda klinik bazalarga ega va zamonaviy jihozlar bilan taʻminlangan. Ixtisoslik, umumiy va mavzuiy malaka oshirish bo‘yicha Davlat standartlariga mos ravishda o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan. Ultratovush diagnostikasi sohasida O‘zbekistonda vrachlarni tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirib borish Kontseptsiyasi va Dasturi ishlab chiqilishida professor A.A.Fozilovning qo‘shgan xissasi beqiyosdir. O‘quv jarayonida zamonaviy pedogogik va innavatsion texnologiyalardan keng foydalanish tarafdori bo‘lgan A.A.Fozilov doimiy ravishda o‘qitish va amaliy kunikmalar sifatiga eʻtibor qaratib keladi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar xalqaro talablarga mos va Uzbekiston sharoitiga xos tartibda amalga oshiriladi.
Kafedra xodimlari chet ellarda vrachlarni diplomdan keyingi tayyorlashning andoza va tajribalarini chuqur o‘rganib bormoqdalar. Rossiya diplomdan keyingi uzluksiz taʻlim tibbiyot Akademiyasining ultratovush diagnostika kafedrasi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti ishlarini boshqarish apparati qoshidagi o‘quv markazi, Ostona Davlat tibbiyot Akademiyasi (Qozog‘iston), I.N.Ulyanov nomli Chuvashiston universiteti (Cheboksarы), Grats Universitet klinikasi (Avstriya), Tomas Jefferson nomli Universitet qoshidagi tibbiyot va biologiyada ultratovush instituti (AQSh) kabi yo‘nalishdosh o‘quv yurtlari bilan aloqalar o‘rnatilgan. Kafedra AQSh, Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina kabi davlatlarning yirik o‘quv markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
1998-2005 yillarda AQShning YuSAID tashkiloti «3dravplyus» loyihasida maslahatchi sifatida umumiy amaliyot vrachlarini diplomdan keyin tayyorlashda jaxon andozalariga xos va O‘zbekiston tibbiyoti islohatlariga mos bo‘lgan o‘quv dasturlarini tayyorlash va ularni amalga oshirishda salmoqli mehnat qildi. Bu davrda A.A.Fozilov xalqaro ekspert va mutaxassislar bilan birgalikda Respublikaning tanlab olingan viloyatlarida trenerlar va umumiy amaliyot vrachlarini tayyorlashning yo‘nalishlarini belgilash va tadbiq etish sohasida keng ko‘lamli ish olib boradi. Uning rahbarligida anemiya, gipertoniya va sog‘liqni saqlashning boshqa dolzarb yo‘nalishlarida qator o‘quv dasturlari tayyorlangan, ona va bola salomatligini himoya qilish muammolari, ko‘krak suti bilan boqish, bolalik davri kasalliklarini olib borish, davolash vositalaridan ratsional foydalanish bo‘yicha qo‘llanmalar chop etilgan. Uning ishlari Prezident Farmonlarini, Jahon banki «Salomatlik-1» loyihasini, Sog‘liqni saqlash vazirligi va vrachlar malakasini oshirish instituti buyruqlarini bevosita amalga oshirish va davom ettirishga bag‘ishlangan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor A.A.Fozilov ilmu-fanimizni jaxonga tanitgan yirik olimdir. Rossiya tibbiy-texnika Akademiyasining akademigi va Qozog‘iston tibbiy Akademiyasining Akademigi xisoblanib, Amerikada taʻsis etilgan Jaxon ultratovush instituti va Assotsiatsiyasining «Ultratovush pioneri» Faxriy diplomini olishga sazovor bo‘lgan. Tibbiyot texnologiyalari va mutaxassislar tayyorlashdagi ulkan hissasini eʻtiborga olib Kembridj universiteti A.Fozilovni «2000 – 2001 yillarning ilg‘or insoni» sifatida Xalqaro 29 jildga nomini kiritgan va kumush medal bilan taqdirlagan. A.A.Fozilov – Rossiya diplomdan keyin malaka oshirish tibbiy akademiyasining Faxriy maʻruzachisi, Rossiya ultratovush diagnostikasi mutaxassislarining va Qozog‘iston radiologlar Assotsiatsiyasining faxriy diplomlari bilan taqdirlangan. O‘zbekiston va Rossiyada nashr etiladigan bir qancha tibbiyot jurnallarining tahririyat aʻzosi sifatida faol ishtirok etmoqda.
A.A.Fozilov yirik olim, ultratovush diagnostikasi sohasining pioneri bo‘lishi bilan birga o‘zining kamtarligi, oliy janobligi, jonkuyarligi, insonparvarligi, sof dil va rost go‘yligi bilan doimo ajralib turadi. Yosh olimlarga sidqidildan ilmiy maslahatlar va ilmiy g‘oyalar beradi. Namunali, totuv va xamjixat oila boshlig‘i.