Tarixiy ma’lumotlarning guvohlik berishicha, O‘zbekiston Respublikasi o‘z faoliyatining birinchi qadamlaridan boshlab, iqtisodiy masalalar bilan birga xalq salomatligini saqlash va kasalliklarni kamaytirishga qaratilgan ishlarni amalga oshira boshladi. Respublika xalq komissarlari Kengashining maxsus qarorida “Aholining salomatligi, uning yuksak jismoniy va madaniy kuchlarining muhim garovidir. Tibbiy yordam o‘zining butun ilmiy yutuqlari bilan har bir kishi uchun xizmat qilishi kerak. Faqat shaharlargagina emas, balki qishloq joylarga ham yetib borishi zarur” deyilgan edi.
Xukumat qarorini hayotga tadbiq etish maqsadida sog‘liqni saqlash xalq komissarligi 1926 yil may oyida, viloyat sog‘liqni saqlash bo‘limlari xodimlarini s’ezdini chaqirdi. Unda sog‘liqni saqlashning dolzarb masalalari: bezgak kasalliklariga qarshi kurash uchun respublika sanitariya tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, hamda epidemiologik kasalliklar profilaktikasi masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘sha paytgacha mavjud bo‘lgan Moskva, Leningrad va Qozon shahridagi shifokorlarning malakasini oshirish institutlariga kam sonli shifokorlar yuborilar edi. Har bir o‘qish muddati 15-30 kun davom etar edi. Eng muhimi u yerda kasalliklarning xududiy xususiyatlari o‘rganilmagan. O‘rta Osiyo respublikalari shifokorlarining malakasini oshirishga bo‘lgan ehtiyoji ortib borishi tufayli respublikaning o‘zida vrachlar malakasini oshirishni tashkil qilish dolzarb va maqsadga muvofiq deb topildi.
1932 yil 22 iyundagi VKP MK O‘rta Osiyo byurosining №459 Qaroriga muvofiq Toshkent shahrida O‘rta Osiyo vrachlar malakasini oshirish instituti tashkil etildi. Bu esa, 1926 yili sog‘liqni saqlash xalq komissarligi tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalaning amaldagi yechimi bo‘ldi.
Institutning asosiy vazifalari ancha murakkab bo‘lib, juda katta xudud bo‘ylab shifokorlarning malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va ixtisoslashtirish, sog‘liqni saqlash tizimiga rahbarlar hamda tashkilotchilarni tayyorlash, milliy kadrlarni tarbiyalash bilan birga respublikada ilmiy salohiyatni yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat edi.
Bundan tashqari, institut jamoasi o‘sha davrlarda Turkiston aholisining hayotiga xavf solib turgan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni oldini olish va davolash bo‘yicha nazariy ishlanmalar va qo‘llanmalarni yaratish hamda amaliyotga tadbiq etishi lozim edi.
Ta’limning birinchi yilida ya’ni boshlang‘ich davrida, kafedralarning faoliyatini shakllantirish va moddiy texnik bazasini yaratish, o‘quv va ilmiy ishlarni rejalashtirish va tashkillashtirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solindi. Natijada ilm maskani tashkiliy masalalarning turli qiyinchiligiga qaramasdan, diplomdan so‘nggi tayyorlashni 1933 yildayoq mavjud bo‘lgan 6ta kafedrada boshladi. Shu yili institutda birinchi bo‘lib 84 nafar shifokor-tinglovchi kerakli mutaxassislik bo‘yicha malaka oshirdi. Yil sayin yangi kafedralar ochilib, tinglovchilar soni ortib bordi. 1933 yildan to 1940 yilgacha institutida 1.330 nafar shifokor o‘z malakasini oshirdi.
1941 -1945 yillarda institut jamoasi o‘z faoliyatini davr talabini ado etishga qaratdi. Tibbiyot xodimlarini tayyorlash 5,5 marotabaga ko‘paydi. Front va evokogospitallar ehtiyoji uchun 4585 nafar shifokor tayyorlandi.
Urushdan keyingi yillarda shifokorlarni tayyorlash va malakasini oshirish ko‘lami ortib bordi. 1960 yili - 1024 shifokor, 1965 yili – 2211 shifokor, 1975 yili – 3031 shifokor va 1981 yili 5000 shifokor tayyorlandi.
Institutning birinchi direktori - professor Moisey Ilich Slonim (1932-1938) bo‘lgan.
Institut tashkil etilgan 1932 yildan to 2017 yilga qadar 11 kishi: Igron Samuil Markovich (1938-1941), Vidutskiy Moisey Yakovlevich (1942-1945), Jo‘ra Saidovich Po‘latov (1946-1953), Mahamat Bobojonovich Sultonov (1953-1957), Ziyad Aminovich Dolimov (1957-1960), Mannap Atamatovich Mirzamuhamedov (1960-1963), Hamidulla Husanovich Husanov (1963-1979), Qayum Sobirovich Zoirov (1979-1984), Abdumannon Rahmanovich Rahimjonov (1984-1997), Jo‘raboy Ma’rifboyevich Sobirov (1997-2017) rektorlik lavozimida ishlaganlar.
Institut tamal toshini qo‘ygan, uni tashkil etishda, poydevorini mustahkamlashda va shu bilan birga uni yirik o‘quv va ilmiy markazga aylantirishda o‘zlarining benazir ulkan hissalarini qo‘shgan insonlarning xotiralari jamoada faxr bilan eslanadi.
Barkamol inson, dunyo tanigan, sobiq Ittifoqda birinchilardan bo‘lib, pulmonologiya kafedrasni tashkil qilib, maktab yaratgan olim, tibbiyot fanlari dorktori, professor,O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Ubaydullayev Abdulla Muxarramovich institut rahbarlari haqida: « Men shu muqaddas dargohda ishlayotganimga 68 yil bo‘ldi. 1958 yilda tibbiyot institutini tugatib ToshVMOI terapiya kafedrasida klinik ordinaturda va aspiranturada tahsil oldim. Institut rektori Z.A. Dolimov meni klinik ordinaturaga, pulmonologiya kafedrasiga ishga qabul qilgan. U juda aqlli, ziyrak va olijanob inson, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda vaqtini hech ayamagan, eng zo‘r toza odam edi.
M.A.Mirzamuxamedov- rahbar bo‘lgan davrlarda men assistent,dots.nt sifatida mehnat faoliyatimni davom ettirdim.
H.X.Xusanov - rahbar sifatida odamlarni odami bo‘lgan. Meni terapiya fakultetiga dekanlikka chaqirganlar. 1975-1986 yillarda davolash fakulteti dekani bo‘lib ishladim.
Q.S.Zoirovning murabbiylik faoliyati asosan o‘zi rektorlik qilgan Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti bilan bog‘liq.1963 yili uning tashabbusi bilan institutda Umumiy gigiyena kafedrasi tashkil topdi. Shuni alohida aytib o‘tish zarur deb bilaman. Professor Q.S.Zoirov O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan vaqtlarida TVMOIda “Klinik pulmonologiya” kafedrasini tashkil qilishda menga SSSR sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari akademik Yu.F.Isakovga iltimosnoma ya’ni TVMOI tarkibida yangi kafedra “Klinik pulmonologiya” O‘zbekiston uchun paxta dalalarida mehnat qilayotgan aholi orasida bronx –o‘pka kasalligi ko‘p ekanligi sababli tashkil qilish kerakligini ko‘rsatib, iltimosnoma yozdilar.
Men, Moskvadan ya’ni 1977 yil 18 avgustida 796 sonli (Ob organizatsii kafedri pulmonologii v TashIUV) buyruq olib keldim. Ushbu buyruq asosida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida «Klinik pulmonologiya» kafedrasi tashkil topdi.
Ustoz vrachlar malakasini oshirish ishining sifatli bo‘lishini ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratishga jon-jaxti bilan harakat qilib, markazdan institut uchun yangi bino qurishga ruhsat olib uning poydevorini qurdirgan. Qayum Sobirovichga to‘g‘riso‘zlik, halollik, adolatlilik, tibbiyot faniga oid muhim masalalarni hal qilishda qat’iyatlilik, talabchanlik singari fazilatlar ham xosdir.
Raximjonov Abdumannon Raxmonovich - O‘zbekistonda atoqli nevrolog olim va qattiqo‘l rahbar, mehribon, mehr-muruvvatli, to‘g‘riso‘z, ammo cho‘rtkesar inson edilar.
Iste’dodli rahbarning yana bir ijobiy xususiyatlari bor edi. Har bir yosh mutaxassisda qobiliyatni, imkoniyatni ko‘ra bilib, yangi fikrlar, g‘oyalar berardilar. Biron bir muammo bilan murojaat qilsangiz, u kishi albatta yordam berardilar.
Abdumannon Raxmonovichning ilmiy-amaliy va tashkilotchilik faoliyatlari ko‘p qirrali va keng ko‘lamlidir. Bu, ayniqsa, ToshVMOIning asosiy binosi va vrach-kursantlar uchun yotoqxona qurish ishlari boshlanganda yaqqol namoyon bo‘ldi. Hech bir rahbar bunday og‘ir ishni qilgan emas.
Sobirov Jo‘raboy Ma’rifboyevich – sog‘liqni saqlash tizimi va tibbiy ta’limning yirik tashkilotchisi, tibbiyot fanlari doktori, professor, Rossiya tibbiy-texnika akademiyasining haqiqiy a’zosi.
1989 yilda J.M.Sobirov tashabbusi bilan “Shoshilinch va tez tibbiy yordam” kafedrasi tashkil etildi va ushbu kafedraga uning o‘zi rahbarlik qilgan. 1992 yilda anestiziologiya va reanimatsiya hamda shoshilinch va tez tibbiy yordam kafedrasi birlashtirildi, unga rahbar etib professor J.M.Sobirov tayinlandi.Hozirda ular yana alohidadir.
1997 yil apreldan J.M.Sobirov ToshVMOI rektori etib tayinlandi, uning tashabbusi bilan har yili respublikamizning yetakchi mutaxassislari hamda yaqin va uzoq xorijdan kelgan olimlar bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar o‘tkazib, yangi yaratilgan texnologiyalar, dori vositalari amaliy tibbiyotga joriy etib kelindi.
Akilov Xabibulla Ataullayevich - tibbiyot fanlari doktori, professor. 2003 -2017 yillar mobaynida ToshVMOI o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida ishladi. O‘sha yildan hozirgacha Xirurgiya va bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yuqori malakali shifokor, tajribali xirurg, abdominal xirurgiya usullarini chuqur o‘zlashtirgan. Bolalar patologiyasida shoshilinch va rejali xirurgik operatsiyalarni to‘liq olib boradi, xalq iborasi bilan aytganda qo‘li yengil jarrox.
X.A.Akilov bugungi kunda institut rahbari sifatida uzluksiz ta’lim tizimini mukammallashtirish, uning milliy asoslarini mustahkamlash, ta’lim va tarbiya jarayonini jahon andozalariga javob bera oladigan darajada tashkillashtirishga xarakat qilmoqda» – deb o‘z fikr mulohazalarini bildirdilar.
Tibbiyot fanlar nomzodi, dotsnt Mamatova Talixa Shukurovnaning dil so‘zlari:
«Ushbu muqaddas oliy dargohda 50 yil mobaynida faoliyat olib bormaqdaman. 1972 yili meni aspiranturaga kirish uchun yozgan arizamga imzo qo‘ygan institut rektori dots.nt X.H.Xusanov bo‘lsa, keyinchalik professorlar: Q.S. Zoirov, A.M.Raximjonov, J.M.Sobirov va hozirda professor X.A.Akilov qo‘l ostida ishlamoqdaman.
Men bu institut, otorinolaringologiya kafedrasida juda katta pedagoglik, mutaxassislik, ilmiy xodim, yoshlar ustozi maktabidan o‘tdim. Chunki men faoliyat ko‘rsatayotgan kafedrada na faqat O‘zbekistonda balki, sobiq Ittifoqda mashhur otorinoloringolog professorlar - K.A.Drennova, E.A.Ladijenskaya, G.T.Ibragimov va yana bir qator tajribali dots.nt, assistent pedagoglar ishlagan. Butun ish faoliyatimda ularning maslahati katta yo‘llanma bo‘lgan va yordam bergan. O‘z ish faoliyatim davomida nafaqat nazariy pedagogika, balki amaliyot bilan ham shug‘ullandim. Yoshlarni ilmga chorladim. 3 nafar tibbiyot fanlar nomzodi shogird tayyorladim, 4 - esa yoqlash arafasida. 200 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etdim.
Keynchalik ham kuchim boricha shu dargohda har tomonlama «labbay» deb faoliyatimni davom ettirishga tayyorman. Shunday oliygoh va tabarruk Otolaringologiya kafedrasi tashkil etilganiga 90 yildan oshdi. Ushbu kafedra a’zosi bo‘lib faoliyat ko‘rsatayotganimdan faxrlanaman».
Tibbiyot fanlari doktori, professor, Rossiya va Nyu-York Fanlar akademiyalari akademigi,Qirg‘iziston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi faxriy akademigi,Respublikada xizmat ko‘rsatgan vrach Bahromov Saidjalol Mahmudovich mulohazalariga e’tibor qarataylik:
«TVMOIda 1985-2016 y.y. gematologiya va transfuziologiya kafedrasi mudiri, 2016 yil oxiridan kafedra professori lavozimlarida ishlab kelmoqdaman. Ushbu malaka oshirish oliy o‘quv maskanida 40 yil mobaynida faoliyat olib bormoqdaman. Kafedra mudirligiga o‘quvchim, tibbiyot fanlari doktori, talantli yosh mutahassis olim E.J. Isxakovni tavsiya etganman va u o‘z vazifasini sharaf bilan ado etmoqda.
XX asr, o‘zidan oldingi o‘n to‘qqiz asr bermagan o‘ta yangi kashfiyot, ixtiro xamda juda ko‘p boshqa yangiliklarni tuhfa qilib, dunyo tarixiga oltin harflar bilan ilmiy-texnikaviy inqilob asri deb mixlandi yoxud yozildi. Bu afsonaviy asr bizning jonajon diyorimiz O‘zbekistonga o‘z zarrin nurlarini taratdi va shu bois uning bag‘rida quvonchli odimlar boshlandi.
Jumladan, 1919 yilda sobiq Ittifoq poytaxti Moskvada birinchi bor Toshkentda ochilishi mo‘ljallangan Turkiston Universiteti tashkiliy qumitasi tuzilib, unga, keyinchalik akademik, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Aleksandr Nikolayevich Kryukov jalb etiladi. Bu ulug‘ zot 1920 yilda ochilgan yuqoridagi (hozirgi Milliy) Universitet tarkibidagi tibbiyot kulliyoti direktori etib tayinlanadi. Ana shu kezlarda xalq sog‘ligini saqlash ishining kelajagi uchun qayg‘urgan bu mashhur shifokor, pedagog-olim bo‘lajak xamkasblarning vaqtida malakasini oshirish maskani yaratilishini kun tartibiga qo‘ya boshlagani ma’lum. Bunday orzuning ushalganiga 95 yil to‘lishi arafasidamiz, insho-olloh. O‘tgan davrlarda TVMOIni ancha-muncha taniqli shifokor-tashkilotchi olimlar boshqarib, o‘z salmoqli hissayu-ulushlarini qo‘shganlar deb ayta olamiz.
Bu yerda, bizning ko‘z o‘ngimizda TVMOIda rahbarlik burchini o‘tagan va o‘tayotgan tashkilotchi pedagog-olimlar to‘g‘risida holisona qisqagina so‘z yuritmoqchimiz.
Zoirov Qayum Sobirovich – professor, ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, O‘zbekiston sog‘likni saqlash vaziri lavozimida ishlagan va TVMOI rektori bo‘lgan. Kamina O‘zbekiston SSV Ilmiy Kengashi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlagan paytimda (1982-1984 y.y.) institut faoliyatidan boxabar va uning rahbari bilan ko‘rishish hamda suhbatlashishga musharraf bo‘lgan. Ustoz Qayum Sobirovich kishiga tik qarab, ochiq so‘zlashuvchi, salobatli va vazmin inson edilar. Uning bir so‘zligi, adolat peshaligi kishining diqqatini tortar edi. Qayum Sobirovich vrachlar malakasini oshirish ishining sifatli bo‘lishini ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratishga jon-jaxdi bilan harakat qiluvchi arbob edilar.
Raximjonov Abdumannon Raxmonovich – atoqli nevrolog olim. Ul zot mashxur olimlar Ya.Ya. Gordon va professor Shereshevskiylarning izdoshi, yaratuvchan olimligi tufayli O‘z FA akademigi etib saylangan yetuk shifokor va tashkilotchi-olim darajasiga ko‘tarilgan shaxs edi. A.R. Raximjonov xarakatlari zaminida TVMOI bosh inshoati (yangi korpus) va talabalar yotoqxonasi qurilishlari yakuniga yetkazildi. Abdumannon Raxmonovich asosiy institut va uning Samarkand va Andijon filiallari kadrlari va ishlari holatiga alohida e’tibor bergan rahbar edi.
Sobirov Jo‘raboy Ma’rifboyevich - professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi, Toshkentdagi ulkan institut TVMOIning beshigini 20 yil tebratgan mohir tashkilotchi, pedagog-olim. Doimo yangilikka intiluvchi, suhbatdoshini e’tibor bilan tinglab, uning fikr-g‘oyalarini tez bilib olib, ularni qo‘llashga intiluvchi rahbarlik fazilatlariga ega. Butun vujudi bilan o‘zi boshqargan TVMOI faoliyatlarining barcha jabhalari rivojiga e’tiborda bo‘lganliklarini bilamiz. Va nihoyat, J.M. Sobirovni O‘zbek tibbiyotini o‘ta muhim sohasi hisoblanmish reanimatsiya va anesteziologiyaning tiklanishiga va rivojlanishiga zamin yaratgan tashkilotchi-olim deb hisoblash lozim.
Akilov Xabibullo Ataullayevich – tibbiyot fan doktori, professor. Bu yerda, kezi kelganda, shuni alohida qayd etmoqchimizki, ilmda va hayotning muhim yo‘nalishlarida muhim va katta rivojlanishni tegishli maktablar bor joydagina kutish mumkin, chunki ularda ilg‘or g‘oyalar, tajribalar estafetasi mavjud bo‘ladi Xabibullo Ataullayevich bu borada qo‘shaloq maktab o‘tgan kishidir. Birinchidan u taniqli olim, tashkilotchi padari buzrukvori professor Ataullo To‘raxanovich maktabini o‘tagan. Ikkinchi 20 yilga yaqin vaqt ichida rektorlar Q.S. Zoirov, A.R. Raximjonov merosidan bahramand bo‘lib, va ayniqsa, J.M. Sobirov bilan yaqin hamkorikda faoliyat olib borib, o‘z tajribasini boyitgan. Qolaversa, Xabibullo Ataullayevich O‘zbekistonda professor K.X.Tagirov asos solgan bolalar jarrohlik maktabi davomchisi va uni yana yuqori pog‘onaga ko‘tara olgan mohir xirurg-olimdir. U hozirda vrachlar malaksini oshirish ishini jahon andozalari darajasiga yetkazish uchun bor kuch-g‘ayratini sarflashga intilmoqda. Mehnatlari xayrli bo‘lsin».
Akademik olimlar V.Vohidov va F.G‘.Nazirovning iqtidorli shogirdlaridan biri Habibullo Akilovdir. Taniqli olim malakali xirurg, ko‘p tarmoqli mutaxassis, 500 dan ortiq ilmiy maqolalar, 4 ta monografiya va bir necha avtorlik shaxodatnomalar, uslubiy takliflar muallifidir. Murabbiy sifatida ham izzat-xurmat qozonib, umumiy xirurgiya va bolalar xirurgiyasi bo‘yicha 10 ta fan doktori va 30 ta fan nomzodini tayyorladi.
Professor Xabibullo Akilov ilmiy –pedagogik, konsultativ –davolash ishlarni va tashkilotchilikni muvofiq ravishda samarali olib boradi. 1999 yildan hozirgi vaqtgacha besh marta Toshkent shahar xalq deputatligiga saylangan. O‘zbekiston bolalar xirurgiyasi ilmiy jamiyatining raisi. Rossiya tibbiy -texnika fanlar akademiyasi akademigi.
Ko‘p yillik xizmatlari evaziga Xabibullo Akilov xukumatimizning yuksak mukofotlari - «Sog‘liqni saqlash a’lochisi», «Mustaqillikning 10, 20, 30 yilligi», « I - darajali mehnat faxriysi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.O‘zbekiston Respublikasi “Turon” fanlar Akademiyasi akademigi.
Rossiya Tibbiyot-texnika fanlari akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda ultratovush diagnostikasining asoschisi, professor Akram Akmalovich Fozilovning fikrlariga to‘xtalamiz:
«1987 yil bahorida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining onkologiya kafedrasiga uzoq yillar rahbarlik qilgan professor Vali G‘ulomovich Xodjayev vafotlaridan so‘ng institut onkologiya kafedrasiga mudirlik lavozimiga konkurs e’lon qilgan. Shu davrda Institut rektori akademik Abdumannon Raxmonovich Raximjonov onkologiya radiologiya ilmiy tikshirish institutini direktori akademik Narimon Qodirovich Muratxodjayevga murojjat etib institutni yetuk olimlarini konkursda ishtirok etishga taklif etganlar. Shunda Narimon Qodirovich meni ya’ni Akram Akmalovich Fozilov va tibbiyot fanlari doktori Arefiy Aleksandrovich Kochegarov nomzodlarini taklif etganlar va biz ikkalamiz shu konkursda ishtrok etish uchun xujjatlarni topshirganmiz. Konkurs bir qancha uzoq vaqt davom etgan. Men shu davrda SSSR fanlar qo‘mitasini topshirg‘i bilan Afg‘oniston Respublikasining poytaxti Qobul shahrida O‘zbekistonda tibbiyot rivoji haqida juda katta ko‘rgazma o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtim edi.
Konkurs o‘tkazilgan vaqtda men xali Qobulda katta anjumanni o‘tkazish taraddudi va uni yaxshi o‘tkazish jarayoniga ko‘rgazma direktori sifatida rahbarlik qilgan bo‘lsam mana shu Afg‘onistonga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri professor S.M. Bahromov rahbarligida akademik Yo.X.To‘raqulov, professorlardan T.A. Daminov, Andijondan professor Mirzayev va yana Toshkent vrachlar malaka oshirish institutidan Sh.X.Xodjayev va boshqa yetuk olimlar ishtirok etib, Afg‘on-O‘zbekiston do‘stligiga juda yaxshi tamal toshi qo‘yib kelingan. O‘sha yerda yashayotgan o‘zbek ziyolilari bilan uchrashuv o‘tkazib juda yaxshi fikrlar bildirilgan.
Men konkursda o‘zim shaxsan ishtrok etmaganman lekin 1987 yil oktyabr oyini oxirida shu konkursda men onkologiya kafedrasiga mudir etib tayinlanganman. Albatta onkologiya kafedrasiga mudirli qilish Toshkent vrachlar malaka oshirish institutida ishlash men uchun juda katta sharaf va mas’uliyat edi. Sharaf va mas’uliyat shundan iboratki ushbu institut sobiq Ittifoqda o‘zini yetakchi o‘rniga ega. Bu instituta yetuk akademiklar I.Q.Musabayev, Sh.A.Alimov, mana hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan akademik A.M. Ubaydullayev, akademik S.M.Bahromov, akademik F.G.Nazirovlar jamoalari o‘sha yerdan - kurtak otgan joydan hozirgi kungacha o‘zini salohiyatini yuqori ushlab turgan institutda ishlash albatta mas’uliyatli edi.
O‘zaro suhbatimizda Abdumannon Raxmonovich onkologiya kafedrasini ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida meni oldimga bir qancha vazifalarni qo‘yganlar. Birinchi navbatda o‘sma kasaliklarni barvaqt aniqlash ularni zamonaviy davolash usulari qatorida ilg‘or kirib kelayotgan yangi texnologiya ya’ni jarroxlik usullari bilan birga ximiya terapiya, nur terapiya, hozirgi jahon andozalariga to‘g‘ri keladigan standart davolash choralarini o‘quv jarayoniga izchillik bilan tadbiq qilish vazifalari yuklangan. Bu vazifalarni amalga oshirishda albatta kafedra xodimlari salohiyatini oshirish ishlariga bergan yordamlari katta quvvat bergan.
1988 yilda SSSR sog‘liqni saklash vazirligi topshirig‘i bilan Moskvadagi markaziy vrachlar malaka oshirish instituti rektori professor Gavryushov rahbarligida institutimizni katta komissiya kelib tekshirgan. Shu tekshirish natijasida institutimiz salohiyatiga yuksak baho berilgan va birinchi darajali institut maqomi berilgan. Bu maqomga faqat Leningrad va Xarkov malaka oshirish institutlari ega bo‘lganlar. Shu komissiya tekshirishlari asosida institutni moddiy texnik tomondan ta’minlash, kadrlar salohiyatini yanada oshirishga katta ahamiyat berilishi lozimligi vazifalari kelib chiqqan.
1992-1998 yillar davomida o‘quv ishlar sohasi prorektori bo‘lib ishlaganman. Bu davr institutimizning eng qiyin va mas’uliyatli davrlaridan biri bo‘lgan. Sababi mustaqillik sharofati bilan O‘zbekistonda Kadrlar tayyorlash Qonuni asosida o‘quv-amaliy ishlarni qayta ko‘rib chiqish davri edi. Bu jabhada Abdumannon Raxmonovich rahbarligida institutning tajribali dekanlari qimmatli maslahatlar berishgan.
1998 yil 10 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi Farmoni ijrosi doirasida Abdumannon Raxmonovich boshchiligida birlamchi tibbiyot bo‘g‘imini yaratish, qishloq vrachlik punktlarini tayyorlash, qishlok oilaviy vrachlarini tayyorlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish va ixtisoslashgan tibbiy xizmatni yanada rivojlantirish vazifalari bajarilishi boshlandi. Bunda qishloq oilaviy shifokorlarini tayyorlash masalasi O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi yo‘nalish edi. Bu ishlarni amalga oshirishda ayniqsa Ulug‘bek Karimovich Qayumov katta xissa qo‘shganlar. Bu yo‘nalishda bir necha xil o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi institut tomonidan ishlab chiqilgan 10 oylik o‘quv dasturi qabul qilingan.
«O‘zbekiston Qahramoni», tibbiyot fanlari doktori, professor Komilov Xolidjon Maxamadjonovich o‘z mulohazalarini shunday bayon qildilar:
«Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti oftalmologiya kafedrasiga otam, ustozim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan vrach, tibbiyot fanlari doktori, professor Maxamadjon Komilovich Komilov 1957-1988 yillarda kafedra mudiri bo‘lib xizmat qilganlar. Mening shifokor va olim bo‘lib yetishishimda otamning va oilaviy muhitning ahamiyati katta bo‘lgan.
1988 yilda otam Komilov Maxamadjan Komilovich nafaqaga chiqgandan so‘ng, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori akademik Raximjonov Abdumannon Raxmonovichning takliflariga binoan ushbu institutning oftalmologiya kafedrasiga mudir bo‘lib ishga o‘tganman va shu davrgacha mudir lavozimida xizmat qilayapman.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori bo‘lib ishlagan tibbiyot fanlari doktori, professor Sobirov Jo‘raboy Ma’rufboyevich va hozirda faoliyat yuritib kelayotgan tibbiyot fanlari doktori, professor Akilov Xabibullo Atoullayevich O‘zbekiston Respublikasida ko‘plab shifokorlarning qayta tayyorlanishiga malakasi va bilimini oshirishga hissa qo‘shib, o‘qitish ishlarini zamonaviy bosqichga olib chiqayaptilar...».
«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»da bu ilm maskani haqida shunday satrlar bor -«Institut Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining oliy tibbiy mutaxassislar tayyorlaydigan bazasi hisoblanadi».
Institutda Xalqaro seminarlar va simpozumlar o‘tkaziladi. Institut monografiya, darslik, uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy ishlar to‘plami nashr etadi.
Institut faoliyatining turli davrlarida shifokorlarning diplomdan keyingi malakasini oshirish va takomillashtirishda yetakchi olimlar, sog‘liqni saqlash tashkilotchilari: professor S.A.Agzamxodjayev, N.A.Shamatov, K.Yu.Yuldashev, M.K.Komilov, N.Q.Babaxodjayev, Sh.X.Xo‘jayev, R.A.Abdullayev, Z.M.Djamalova, A.S.Zarzar, G.T.Ibragimov, D.S.Karimov, A.A.Kalanxodjayev, X.N.Muratova, A.R.Mansurov, Sh.Sh.Shomansurov, X.A.Alimov, O.M.Muxtorov, M.X.Xamidova, M.A.Isamuhamedova, X.T.Muxamedova, D.F.Karimova, M.J.Azizovlar fidokorona mehnat qilib, ko‘plab shogirdlar tayyorlaganlar (Ollohni rahmati bo‘lsin ularga).
2017 yil mart oyidan boshlab Akilov Xabibulla Ataullayevich o‘n ikkinchi rektor lavozimida, 2021 yil mahsus qaror bilan Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti – Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish Markazi etib qayta tashkil etilganligi munosabati bilan hozirgi kunga qadar direktor lavozimida markazni mahorat bilan boshqarib kelmoqda.
Markazning ustuvor yo‘nalishlari o‘zgardi, biroq asosiy vazifalar shundayligicha qoldi, ya’ni yuqori malakali shifokor kadrlarni tayyorlashda diplomdan so‘nggi tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda uslubiy ta’minotni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
O‘z kasbiga sadoqatli, ustozlari ishini davom ettirib, ko‘plab munosib shogirdlar tayyorlab, maktab yaratgan va ustoz darajasiga ko‘tarilgan zabardast olimlar: akademiklar A.M.Ubaydullayev, S.M.Bahromov, , F.G‘.Nazirov, professorlar A.A.Fozilov D.A.Asadov, F.S.Shamsiyev, F.I.Xamraboyeva, D.M.Sobirov, M.A.G‘ofur-Oxunov, H.A.Akilov, B.G‘.G‘afurov, A.N.Aripov, A.A.Gaybullayev, Sh.E.Ataxanov, D.A.Zaredinov, A.A.Abduqodirov, Sh.B.Irgashev, Sh.Sh.Shamansurov, M.M.Asatova, F.D.Karimova, G.A.Ibadova, L.A.Tursunxodjayeva, A.V.Fozilov, E.M.Mirjo‘rayev, X.N.Muxitdinova, E.I.Musabayev, X.M.Komilov, M.S.Qosimova, U.X.Alimovlarni faxr bilan tilga olamiz va ularga ta’zim qilamiz.
Davlatimiz rahbarining ko‘plab Farmonlari va hukumat Qarorlarida alohida ta’kidlanadiki, shifokorlarning professionalliik darajasini ko‘tarishda va kasbiy mahoratini oshirishda uzluksiz ta’limning ahamiyati beqiyos.
Markaz olimlari sog‘liqni saqlash tizimidagi xodimlarni uzluksiz kasbiy ta’limga jalb etish konsepsiyasini yaratdi. Ushbu konsepsiyaning maqsadi – bilim va ko‘nikmalarni kengaytirish, mustahkamlash, qayta o‘rganish va ularni amaliyotda yuqori darajada qo‘llashdan iborat.
Bugungi kunda uzluksiz ta’limning kunduzgi va masofadan o‘qitish turlari mavjud. Masofadan o‘qitish amaliyot shifokorlari uchun qiziqarli bo‘lib, ular ishdan uzilmagan holda, yo‘lga vaqt va sarf-xarajat qilmasdan, maoshini yo‘qotmasdan turib ma’ruzalarni o‘ziga qulay paytda o‘zlashtiradi.
Masofadan o‘qitishning turli tashkiliy-texnik variantlari qo‘llaniladi: maxsus saytlar - Moodle platformasi, tele-videokonferetsiya yoki seminar ko‘rinishida olib boriladi.
Shifokor kadrlarning diplomdan keyingi asosiy tayyorgarliklaridan biri–tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va professionallik darajasini yuksaltirishning oliy shakli bo‘lgan – klinik ordinatura O‘zbekistonning mustaqillik yillarida ko‘p darajali uzluksiz ta’lim tizimining eng muhim qismlaridan biriga aylandi. Shu ma’noda 2007 yili institutda klinik ordinatura dekanati tashkil etildi.
Institut tarixida bunday muhim qarorni qabul qilinishining o‘ziga xos obyektiv sabablari bor edi albatta. Jumladan, birinchidan, institutda o‘z xususiy ilmiy maktablarini shakllantirgan yuqori malakali ilmi-amaliy kadrlarning mavjudligi; ikkinchidan, yuqori texnologiyali va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga imkon beradigan so‘nggi o‘n yillikda tashkil etilgan boy moddiy-texnik baza; va nihoyat uchinchidan, institut olimlari tomonidan ishlab chiqilgan va tegishli tartibda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan klinik ordinatorlarni o‘qitish Dasturining mavjudligidir.
Bugungi kunda Markaz o‘z faoliyatida klinik ordinatura masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga, Prezident Farmonlari, qaror va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Oliy ta’lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi buyruqlariga asoslanadi. Klinik ordinatura faoliyatining asosiy yo‘nalishlari o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, davolash-profilaktika va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni olib borishdir.
Institut (markaz) qator xorijiy tibbiyot markazlari va ta’lim muassasalari bilan ilmiy-amaliy hamkorliklarni yo‘lga qo‘ygan: Vena tibbiyot universiteti (Avstriya), Gras shahri tibbiyot instituti (Avstriya), Ochiq tibbiyot universiteti (Avstriya), Yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni yaratish va joriy etishni qo‘llab quvvatlovchi Brandenburg instituti (Germaniya), Tibbiy majmua universiteti “Sharite” (Germaniya), San-Camillo-Forlani Rim shifoxonasi(Italiya), Onkologiya eksperimental Universiteti Witten/ Htrdcke (Germaniya), Yonsey Universiteti stomatologiya kolleji (Janubiy Koreya), S.D.Asfandiyarov nomidagi Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti, Kursk davlat tibbiyot universiteti (Rossiya), I.I.Mechnikov nomidagi Sankt-Petrburg davlat tibbiyot akademiyasi (Rossiya), Rossiya diplomdan so‘nggi ta’lim akademiyasi (RMAPO), Turkiya Mersi universitetning anestezologiya va reanimatologiya kafedrasi, Gessen shahri tibbiyot universiteti (Germaniya) va boshqalar.
Xalqaro aloqalar bo‘limi «Tibbiyot xodimlari uchun ingliz tili»ni ikki bosqichli o‘rganish kursining tashabbuskori va tashkilotchisi hisoblanadi. Mashg‘ulotlar Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi xodimlari tomonidan tayyorlangan tibbiyot terminlaridan iborat qulay o‘quv qo‘llanmalar asosida olib boriladi.
Markaz xodimlari COVID – 2019 ga qarshi kurashish, kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolashda faol ishtirok etdilar. Ammo shafqatsiz virus institutimiz jamoasining “Kardiologiya va funksional diagnostika” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelayotgan Yarmuxamedova Gulnora Xabibovna va “Ultratovush diagnostika” kafedrasi assistenti Alimardonov Orifjon Ro‘zimurodovichni oramizdan olib ketdi. Ular o‘z kasbining fidoyisi edilar.
Bugungi shiddatli zamonda, globall miqyosda raqobat kuchayib borayotgan murakkab vaziyatda yuksak intellektual salohiyatga ega kadrlarga - ayniqsa tibbiyot soxasi vakillariga ehtiyoj har qachongidan ham ortib borishi natijasida o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan va mas’uliyatli vazifalardan kelib chiqib, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish Markazi O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi hamda xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim faoliyatini tashkil etish uchun tub o‘zgarishlar olib borilishi natijasida, Ta'lim va sog'liqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni ta'minlash bo'yicha Yevroosiyo markazi (ECAQA) tomonidan ECAQA oliy o'quv yurtidan keyingi va qo'shimcha ta'lim tibbiyot muassasalarini institutsional akkreditatsiya qilish standartlariga muvofiqligini tasdiqlovchi “Xalqaro institutsional akkreditatsiya Sertifikati” qo’lga kiritildi.
Bu borada ana shunday yuksak burchni aniq natijalar, amaliy ishlar bilan oqlangani muhtaram Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida boshlangan keng ko‘lamli ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Bugungi kunda butun dunyoda tibbiy ta’limni yanada rivojlantirish, aholining salomatligini mustahkamlashdagi uning o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritilmoqda. Ta’lim jarayoni shifokorlarning butun hayoti va faoliyati davomida uzluksiz olib borilishi lozim.
Markaz jamoasi muqaddas ilm dargohining 95 yillik tabarruk yoshini qutlash arafasida ushbu jarayonlarning naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanini teran anglagan holda, avvalo zamonaviy ta’limga qo‘yilgan talablarga javob beradigan, qulayligi, uzluksizligi va sifati bilan ajralib turadigan, eng asosiysi shifokorlarning ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan jarayonni tashkil qilishda barcha imkoniyatlarini safarbar etadi.