Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi
Xirurgiya fakulteti
Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi
Toshkent 24.06.2026 yil
2026-yil 24-iyun kuni Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi majlislar zalida “Xirurgiya” fakultetining navbatdagi “Ma’naviyat kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirni fakultet dekani, dotsent S.S.Kariyev kirish so‘zi bilan ochib berib, tibbiyot xodimlarining nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarini, balki ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir doirasida Uzluksiz kasbiy ta’lim jarayonini monitoring qilish va sifatini baholash bo‘limi boshlig‘i, dotsent R.K.Salixodjayeva tomonidan shifokorlarning siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining plastik va mikroxirurgiya bo‘yicha bosh konsultanti, “Xirurgiya–1” kafedrasi dotsenti J.J.Rasulov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida plastik va rekonstruktiv mikroxirurgiya” mavzusida ma’ruza qilinib, ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy yutuqlar, innovatsion texnologiyalar hamda istiqboldagi vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida “Valeologiya” kafedrasi mudiri, dotsent N.N.Fayziyeva “Preventiv tibbiyot. Valeologiya asoslari” mavzusida ma’ruza qilib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasalliklarning oldini olish va aholi salomatligini mustahkamlashning dolzarb masalalariga e’tibor qaratdi.
Tadbirning ma’naviy-ma’rifiy qismi el ardog‘idagi san’atkor, ustoz xonanda, “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni sohibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Xurshid Rasulov bilan ijodiy uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuv davomida ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, shifokorlar va tinglovchilarning ma’naviy hordiq chiqarishiga xizmat qildi.
Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i M.B.Mustafoyeva