Shrift o'lchami: A A A
Fon rangi: A A
Ishonch telefoni (+998 71) 268-17-44
Elektron pochta info@tipme.uz

Oftalmologiya sohasidagi zamonaviy bilimlar: Qoraqalpog‘istonda sayyor malaka oshirish sikli o‘tkazilmoqda

16 Apr 2026

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimida tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, ularni xalqaro standartlar asosida tayyorlash va qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi Oftalmologiya kafedrasi tomonidan joriy yilning 6-apreldan 2-mayiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida muhim amaliy tashabbus amalga oshirilmoqda. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bazasida hududda faoliyat yuritayotgan oftalmolog shifokorlar uchun "Oftalmologiyada zamonaviy davolash usullari" mavzusida 144 soatlik sayyor malaka oshirish sikli tashkil etildi. Ushbu o‘quv dasturi oftalmologiya sohasida diagnostika va davolashning ilg‘or usullarini amaliyotga joriy etish, shifokorlarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilarga zamonaviy klinik protokollar, innovatsion jarrohlik texnologiyalari, shuningdek, ko‘z kasalliklarini erta aniqlash va samarali davolash usullari bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Mazkur malaka oshirish sikli yuqori malakali mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda. Jumladan, kafedra mudiri, professor, O‘zbekiston Qahramoni Komilov Xolidjon Maxamadjanovich hamda kafedraning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va interaktiv treninglar tashkil etilmoqda. Shuningdek, o‘quv jarayoni doirasida tinglovchilar uchun master-klasslar, klinik holatlar tahlili, murakkab bemorlarni konsilium asosida ko‘rikdan o‘tkazish va individual tavsiyalar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ishtirokchilarga o‘z bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, zamonaviy yondashuvlarni bevosita klinik sharoitda qo‘llash imkonini yaratmoqda. Mazkur sayyor malaka oshirish sikli hududiy tibbiyot muassasalarida oftalmologik xizmat sifatini yanada yaxshilash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam samaradorligini oshirish, shuningdek, ko‘z kasalliklarining oldini olish va erta diagnostikasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.