Akalaev Rustam Nurmuxamedovich 1950 yil, 21 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1974 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining tibbiyot fakultetini tugatdi va UzMZ klinik shifoxonasining “sunʻiy buyrak” bo‘limi shifokor jarrohligidan (1976-1983yy.) gemodializ laboratoriyasi mudiri (1974-1976yy.) lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Keyinchalik akademik O‘.A.Aripov tashabbusi bilan hamda R.N.Akalaev rahbarligida Toshkent davlat tibbiyot institutida Respublika gemodializ markazi tashkil etildi (1983-1997yy.). U 14 yil davomida Sog‘liqni Saqlash vazirligida gemodializ bo‘yicha bosh mutaxassis bo‘lgan va O‘zbekistonda shu soha bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va Qozog‘iston Respublikasi uchun ko‘plab mutaxassislarni tayorladi. Uning ishtirokida O‘zbekistonda, Qozog‘istonda, Tojikistonda, Turkmanistonda va Qirg‘izstonda gemodializ bo‘yicha bo‘limlar tashkil etildi.
1989 yilda – “Surunkali buyrak yetishmovchiligida o‘rta molekulyar toksinlarga gemodializ va gemosorbtsiyani samaradorligi va ularning taʻsir mexanizmini baholash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1996 yilda – “Surunkali buyrak yetishmovchiligi uremik intoksikatsiyalarining patogenez, klinika va davo muammolarida gemodializ, gemosorbtsiya va plazmaferez usullari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2008 yilda unga professor lavozimi berildi.
R.N.Akalaev 2001 yildan 2011 yilgacha Toshkent shifokorlar malakasini oshirish institutining “Anesteziologiya va reanimatologiya” kafedrasida professor lavozimida faoliyat yuritdi. 2011 yildan R.N.Akalaev Toshkent shifokorlar malakasini oshirish institutining “Shoshilinch tibbiy yordam” kafedrasida professor lavozimida hamda RShTYoIM toksikologiya ilmiy-klinik bo‘limining rahbari lavozimida ishlamoqda.
R.N.Akalaev 2008 yildan 2011 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligida gemodializ bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishladi, 2011 yildan esa bosh toksikolog lavozimida ishlab kelmoqda.
U 50 ta ratsionalizatorlik takliflari va mualliflik guvohnomalarining muallifidir. 100 dan ortiq ilmiy ishlari, metodik tavsiyalari va o‘quv kitoblari nashr etilgan. Uning boshchiligida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalar himoya qilingan. Hozirgi kunda u boshchiligida ilmiy ish va dissertatsiya tadqiqotlari bajarilmoqda. RShTYoIMning toksikologiya bo‘limi ilmiy rahbari sifatida klinik amaliyotga fanning so‘nggi yutuqlarini keng tadbiq qildi. Davlatimizning barcha hududlarida tez yordam shifokorlari, tibbiyot katastrofasi, reanimatologlari va toksikologlari uchun klinik toksikologiya, ekstrakorporal detoksikatsiya va gemodializ bo‘yicha uchun mahorat darslari olib boradi.
Professor R.N.Akalaev anesteziolog va reanimatologlarning II sʻezdida “O‘zbekiston anesteziolog va reanimatologlari assotsiatsiyasi” ga ijrochi direktor qilib tanlab olindi (2003-2008yy.). 2010 yilda “Yangi mustaqil davlatlarning nefrologlar assotsiatsiyasi” taʻsis kongressida assotsiatsiyani boshqarish bo‘yicha aʻzosi etib tayinlandi. 2012 yildan “Shoshilinch tibbiyot shifokorlarining ilmiy-amaliy jamiyati” hududlararo ijtimoiy tashkilotiga hudud bo‘linmasi raisi etib tayinlandi. 2014 yildan xalqaro sud toksikologlari assotsiatsiyasi aʻzosi (TIAFT), “Shoshilinch tibbiyot axborotnomasi” (O‘zbekiston), “N.V.Sklifosovskiy nomidagi shoshilinch tibbiy yordam” (Rossiya, Moskva), “Transplantologiya” (Rossiya, Moskva) ilmiy jurnallarining redaktsiya kengashi aʻzosi etib tayinlandi. Kuyidagi mutaxassisliklar buyicha dissertatsiyalarni ximoya kilish seminar kengashi va ilmiy kengash aʻzosi: 14.00.40 «shoshilinch tibbiy yordam»; 14.00.37 «anesteziologiya-reanimatologiya»; 14.00.39 «toksikologiya».
R.N.Akalaev – SSSR “Sog‘liqni Saqlash aʻlochisi” va O‘zbekiston Respublikasi “Sog‘liqni Saqlash aʻlochisi”.
O‘zbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi orasida millatlararo do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘z hissasini qo‘shganligi uchun 2013 yilda R.N.Akalaev Tatariston Respublikasi prezidentidan fahriy yorliq bilan taqdirlandi.
O‘zining samarali pedagogik ishi va klinik tibbiyotga o‘zining ilmiy hissasini qo‘shganligi uchun Yevropa Tabiiy Fanlar Akademiyasidan 2014 yilda Robert Kox va 2015 yilda Rudolf Virxov medallari bilan taqdirlandi.