DAMIN ABDURAXIMOVICh ASADOV
Asadov Damin Abduraximovich, 1940 yilda tug'ilgan, o'zbek, tibbiyot fanlari doktori, professor, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining «Jamoat salomatligi, sog'likni saqlashni boshqarish» kafedrasi mudiri.
D.A.Asadov 1963 yili Toshkent Davlat tibbiyot institutini tugatib, mehnat faoliyatini Golodnostepstroyga qarashli vrachlik ambulatoriyasida boshlagan. 1965-1968 yillarda Leningrad shahrida aspiranturada, 1968-1970 yillarda O'simlik moddalari kimyosi institutida ilmiy xodim, 1970-1976 yillarda O'lka meditsinasi ilmiy tekshirish i\nstitutida bo'lim mudiri bo'lib ishlagan. D.A.Asadov 1976-1979 yillarda Nigeriya Federativ Respublikasining Kano shtati sog'liqni saqlash vazirligida maslahatchi va bir vaqtning o'zida Murtala Muhammad nomli gospitalning bosh konsultanti sifatida faoliyat ko'rsatgan. 1979-1981 yillarda D.A.Asadov Angren shahar sog'liqni saqlash bo'limining boshlig'i, 1981-1982 yillarda O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika bosh boshqarmasi boshlig'i, 1982-1989 yillarda sog'liqni saqlash vazirining birinchi muovini, 1989-1997 yillarda Akusherlik va ginekologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, 1997-1998 yillarda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining rektori, 1998-2003 yillarda sog'likni saqlash vazirining birinchi muovini lavozimida ishlagan. 2003 yildan hozirgi kunga qadar u Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining “Sog'liqni saqlashni tashkillashtirish, moliyalashtirish va boshqarish” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko'rsatmoqda.
D.A. Asadovning O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash tizimida olib borgan tashkilotchilik faoliyatini alohida qayd etish mumkin. U Angren shahar tibbiyot tizimini rahbari bo'lib faoliyat ko'rsatganida davolash-profilaktika muassasalarini boshqarishda progressiv usullarni qo'llanilishi va mahalliy boshqaruv idoralari bilan o'rnatilgan samarali aloqalar tufayli katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Sobiq SSSR Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan Angren shahri aholiga samarali va sifatli tibbiy yordam tashkil etilgan shahar deb e'tirof etildi.
1989 yil D.A.Asadov Akusherlik-ginekologiya Institutiga rahbar etib tayinlanganda ushbu tibbiyot muassasasi nihoyatda tushkun holatda edi. Lekin qisqa muddat ichida uning kadrlar va moddiy-texnik salohiyati mustahkamlanib zamonaviy texnologiyalarga ega bo'lgan eng ilg'or tibbiyot maskaniga aylandi.
D.A.Asadov Toshkent pediatriya meditsina institutining rektori sifatida ikki yil faoliyat olib bordi, shu davr oralig'ida amalga oshirilgan salohiyatli ishlar mazkur oliy o'quv yurtining kelajak taraqqiyotini ta'minlab berdi.
1998 yilda D.A.Asadov ikkinchi marotaba O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirining birinchi muovini etib tayinlandi. Unga yuklatilgan asosiy vazifa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturini o'rnatilgan muddatda va to'laqonli bajarilishini tashkillashtirish edi. Ma'lumki Davlat dasturida qisqa vaqt ichida O'zbekiston tibbiyot tizimining birlamchi bo'g'inini qayta tashkillashtirish, mutlaqo yangi g'oyaga asoslangan, aholiga yuqori sifatli va bepul ko'rsatiladigan shoshilinch tibbiy yordam tizimini yaratish, tibbiyot sohasiga ajratilayotgan davlat byudjet mablag'larining samaradorligini oshirish, onalar va bolalar salomatligini yanada mustahkamlash va boshqa bir qator muhim tadbirlar ko'zda tutilgan edi. Ushbu mas'uliyatli vazifalarni muvaffaqiyatli bajarilishida D.A.Asadovning tajribasi va beminnat mehnati salmoqli o'ringa ega.
D.A.Asadov 1968 yili tibbiyot fanlari nomzodi va 1993 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, 1997 yili unga professorlik unvoni berildi. D.A.Asadov O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, viloyatlarda tibbiyot infratizimini rivojlantirish yo'nalishlari bo'yicha amaliy, tashkiliy, ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Ilmiy va amaliy salohiyatini hamda xalqaro miqyosdagi tajribasini etirof etgan holda Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti uni 1991-1997 yillar davomidagi anjumanlariga maslahatchi sifatida taklif etgan. U 2002 va 2003 yillarda ushbu nufuzli tashkilotning 55 va 56 Assambleyalarida O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasini rahbari sifatida faol qatnashgan va maruzalar qilgan. O'zbekiston Respublikasi hukumatining topshirig'i bilan D.A.Asadov AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Yaponiya, Daniya, Singapur, Turkiya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Tayland, jami 20 dan ortiq mamlakatlarda O'zbekiston tibbiyotininig turli yo'nalishlari, shu jumladan sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ilmiy ma'ruzalar qildi.
U rahbarlik qilayotgan kafedrada o'n mingdan ortiq tibbiyot sohasining rahbar xodimlari malakasini oshirgan. Kafedrada o'qitish jarayoni eng zamonaviy uslublar yordamida olib boriladi. Rahbar xodimlarning kasbiy mahoratini takomillashtirish O'zbekiston Respublikasining eng ilg'or tibbiyot muassasalarida faoliyat ko'rsatayotgan yuqori malakali mutaxassislar bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Sog'liqni saqlash vazirligi topshirig'iga binoan kafedrada Qoraqalpog'iston sog'liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar va barcha viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari va ularning muovinlari hamda Sog'liqni saqlash vazirligi xodimlari tibbiyotda islohotlarni yanada chuqurlashtirish va boshqaruv tizimi faoliyatini takomillashtirish mavzularida muntazam ravishda malakalarini oshiradilar.