2026-yil 14–15-sentabr kunlari Samarqand viloyatida neonatal xizmat yosh shifokorlarini «Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ilg‘or respirator qo‘llab-quvvatlash» mavzusida o‘qitishning ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash» loyihasining operatsion rejasi asosida, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlari Samarqand viloyati Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali bazasida o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlarni Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi Neonatologiya kafedrasi mutaxassislari — A.L. Batmanov, D.S. Saidumarova, shuningdek, Pulad Tavakolipour, Berlin shahridagi Sent-Jozef klinikasi pediatriya bo‘limi katta shifokori olib bormoqda.
Bazaviy ko‘nikmalardan mustaqil klinik qaror qabul qilishgacha
Mazkur o‘quv bosqichi joriy yil aprel oyida boshlangan mutaxassislarning amaliy tayyorgarligining davomi hisoblanadi. Birinchi bosqich doirasida ishtirokchilar nafas olishning amaliy fiziologiyasi, noinvaziv respirator qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy usullari, an’anaviy sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi hamda asoratlanmagan respirator distress-sindromi bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni olib borish tamoyillarini o‘rgandilar.
Birinchi bosqich yakunlanganidan so‘ng shifokorlar o‘z tibbiyot muassasalarida amaliy faoliyatini davom ettirib, bir necha oy davomida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘lladilar.
Sentabr oyidagi o‘quv bosqichi mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini yanada takomillashtirish, shuningdek, eng murakkab bemorlarni olib borishda ularning mustaqillik darajasini oshirishga qaratilgan.
Kurs doirasida shifokorning yangi tug‘ilgan chaqaloq holatini tezkor baholash, respirator qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, optimal davolash taktikasini tanlash hamda bemor holati yomonlashganda uni o‘z vaqtida korreksiya qilish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, dastur birinchi bosqich mazmunini takrorlamaydi, balki murakkab klinik holatlarda chuqurlashtirilgan klinik fikrlash va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
O‘quvning amaliy yo‘nalishi
Ikkinchi bosqichning asosiy klinik yo‘nalishlarini og‘ir gipoksemik nafas yetishmovchiligi va o‘pka gipertenziyasi, o‘pka gipoplaziyasi, bronx-o‘pka displaziyasining shakllanishi va uni olib borish, havo sizib chiqishi sindromlari, shuningdek, sun’iy o‘pka ventilyatsiyasida bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda holatning o‘tkir dekompensatsiyasi tashkil etadi.
Asoratlarni o‘z vaqtida aniqlash va respirator qo‘llab-quvvatlash strategiyasini to‘g‘ri tanlash ko‘p hollarda kasallik oqibati, bemor hayotini saqlab qolish va bola salomatligi uchun og‘ir asoratlarning oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Kursning amaliy yo‘naltirilganligi o‘quv jarayonini neonatal xizmat mutaxassislarining real ish sharoitlariga imkon qadar yaqinlashtirish va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning og‘ir holatlarida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini beradi.
Hududiy neonatal xizmatning kadrlar salohiyatini rivojlantirish
Dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri zamonaviy diagnostika va davolash usullarini hududiy tibbiyot muassasalarida qo‘llay oladigan, shuningdek, o‘z hamkasblari bilan olgan bilim va amaliy tajribasini bo‘lisha oladigan yosh mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Avvaldan shakllangan mutaxassislar guruhini o‘qitishni davom ettirish o‘quv jarayonini ilg‘or klinik yondashuvlarni o‘zlashtirish va kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirish, bazaviy materiallarni takrorlashga vaqt sarflamaslik imkonini beradi.
Kelgusida bu eng murakkab neonatal holatlarni olib borishda hamkasblariga uslubiy va amaliy ko‘mak ko‘rsata oladigan hududiy referens shifokorlar guruhini shakllantirish uchun sharoit yaratadi.
Mutaxassislarning malakasini oshirish va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga respirator qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish O‘zbekistonda ona va bolaga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishning muhim tarkibiy qismlaridan hisoblanadi.
Bunday ta’lim dasturlarini amalga oshirish neonatal xizmatning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifatini oshirish va yakuniy natijada chaqaloqlar o‘limi hamda bolalarda og‘ir nogironlik xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.